Hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash maqsadida 2025-yil 1-sentabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilishga moratoriy (cheklov) joriy qilinishi mumkin. Bu 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan.

Ushbu taklifni Ekologik partiya, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Fanlar akademiyasi va keng jamoatchilik bergani ta’kidlangan.

Bunda:

  • moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtiriladigan yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda sanitar maqsadlarda ov qilishga tatbiq etilmaydi;
  • ovchilarga muqobil mashg‘ulot sifatida hududlarda o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan maxsus poligonlarda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
  • shaharlardagi tabiiy suv havzalari ixtiofaunasining populyatsiyasini qayta tiklash maqsadida respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylarda 2025-yildan boshlab, har yili 15 tonnadan kam bo‘lmagan chavoqlantirish ishlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari loyihaga 2025-yil 1-sentabrdan boshlab yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish joriy etilishi kiritilgan. Bunda:

  • kvotalar Fanlar akademiyasi tomonidan har yili aniqlanadigan o‘simlik zaxirasi asosida shakllantiriladi;
  • kvota va ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, auksionga chiqariladi.

Mazkur bandning so‘zsiz, sifatli va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlashga mas’ul etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduxakimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari belgilangan.