Unda taʼkidlanishicha, 2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida quyidagi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi:

  • asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
  • teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;
  • samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;
  • qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
  • xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

Shuningdek, 2025-yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotish cheklanishi mumkin.

Shuningdek, respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanishi kutilmoqda. Bundan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda avariyaviy yoqilg‘i sifatida foydalanish holatlari mustasnoligi aytilgan.

2024-yilning 29-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. 2025-yilga borib Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, 2026-yilga borib Buxoro neftni qayta ishlash zavodi to‘lig‘icha sifatliroq yonilg‘i ishlab chiqarishga o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.