Sobiq afg‘on davlat xizmatchilari, jumladan, Milliy xavfsizlik boshqarmasi (BMB) jurnalistlarga AQSH va koalitsiya askarlariga nisbatan hujumlar 2016-yildan 2019-yilgacha sodir bo‘lganini aytdi.
Har bir halok bo‘lgan harbiy uchun mukofot 200 ming dollarni tashkil etgan, “Tolibon”ga jami kamida 30 million dollar to‘langan, deyiladi xabarda.
Ta‘kidlanishicha, pullarni qunduzlik sobiq kontrabandachi Rahmatulla Aziziy boshqaruvidagi kuryerlar tashigan. Jurnalistlar Aziziy 2019 -yildan beri Moskvada istiqomat qilayotgani va uning Rahim Ahmadov nomiga berilgan Rossiya fuqarosi pasporti borligini aytdi.
Bu hujjatning raqami Solsberida sobiq ikki tomonlama agent Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani “Novichok” asab-falajlovchi modda bilan zaharlagan Anatoliy Chepiga (Ruslan Boshirov)ning pasport raqamidan faqat ikki raqam bilan farq qiladi, deydi jurnalistlar.
Afg‘on kuryerlari Rossiyada boshpana topdi
“Tolibon” jangchilariga va boshqa guruhlarga pul o‘tkazish uchun Rossiya maxsus xizmatlari qimmatbaho toshlar bilan savdo qiluvchi firma niqobi ostida afg‘on kuryerlari tarmog‘ini saqlab turgan.
O‘z vazifalarini bajarganidan so‘ng, kuryerlar Rossiya hujjatlarini va Rossiyada boshpana olishgan, deb xabar bermoqda Insider.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on jangchilarining rossiyalik kuratorlari “Skripalga nisbatan zaharlanish va Yevropadagi qo‘poruvchilik bilan tanilgan” 29155-harbiy qism zobitlari bo‘lgan.
Tergovchilar terrorchilik hujumlarini moliyalashtirish dasturining rahbari sifatida 29155-qism qo‘mondoni o‘rinbosari general-leytenant Ivan Kasyanenkoni, “Tolibon” bilan Rossiya razvedkasining asosiy aloqachisi sifatida esa Aleksey Titov nomidagi pasport bilan parvoz qiluvchi polkovnik Aleksey Arxipovni ko‘rsatmoqda.
Surishtiruvda aytilishicha, kuryerlar tarmog‘idagi ba’zi afg‘onlar Yevropa ittifoqiga qochoqlar niqobi ostida kirib qolgan. Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, ularning kamida ikkitasi Germaniyada boshpana so‘rab murojaat qilgan, rad etilgan, ammo ular mamlakatda yashashda davom etmoqda.
Insider nashrining aniqlagan ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, Rossiyaning turli isyonchi guruhlarni markaziy hukumat va Amerika vakolatxonasiga qarshi qayrab qo‘yish dasturi “Tolibon”ning mukofotlash dasturiga qaraganda ancha keng ko‘lamli bo‘lgan va uzoqroq vaqt davom etgan.