Agar Turkiya tomonidan qo‘yilgan shartlar bajarilmasa, mamlakat Suriya hududida faoliyat ko‘rsatayotgan kurd qurolli guruhlariga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan ma’lum qildi.
“Agar Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) terrorchilik tashkilotiga nisbatan kutilayotgan ishlar bajarilmasa, zarur choralar ko‘riladi. Zarur chora esa harbiy operatsiyadir”, dedi vazir.
U talablar orasida Suriya hududidan xorijlik terrorchilarni chiqarib yuborish, harakat a’zolarining qolganini esa “qurollarini topshirib, yangi ma’muriyat bilan hamkorlik qilish” kabilarni sanab o‘tdi.
6-yanvar kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Suriyaning parchalanishi xavfi tug‘ilgan taqdirda “zarur choralar” ko‘rishga va’da bergan edi.
Suriya rasmiylari ham kurd jangarilaridan qurollarini tashlashni talab qildi
Hurriyet nashri Suriyaning yangi hukumati mamlakat shimolida joylashgan Kurdiston ishchilar partiyasining (KIP) jangarilaridan qurollarini tashlashni talab qilgani haqida xabar bergan edi.
Foto: Getty Images
Damashqda KIPning Suriyadagi bo‘limi hisoblanmish — Xalq mudofaa kuchlari va Suriyaning yangi hukumati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Ma’lum bo‘lishicha, kurd tomoni qurollarni tashlash talabi evaziga Suriyaning yangi armiyasi tarkibida kamida bitta armiya korpusi yoki diviziyasini tashkil etish, shuningdek, mamlakat shimolidagi neft konlarini teng taqsimlashni taklif qilgan.
Biroq yangi hokimiyat KIPga qurollarini so‘zsiz tashlab qo‘yish shartini qo‘yib, bu masalani hatto muhokama qilmadi, deyiladi xabarda.
Suriyadagi vaziyat
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste’foga chiqishga rozi bo‘lgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma’lumot berdi. Isyonchilar Asadni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qilgan.
Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan. Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma’lum qildi.
10-dekabr kuni Idlib shahrida isyonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir o‘zini Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televideniye murojaatida bu lavozimni kamida 2025-yil 1-martgacha egallab turishini ma’lum qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!