Sirdaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudda 13 yil avval sodir etilgan jinoyatda ishtirok etganiligi uchun 3 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxs ustidan kassatsiya instansiya sudi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Huquq24” teledasturida xabar qilindi.

Unga ko‘ra, sobiq IIB xodimi A.R. 2012-yilda xizmat vaqtida bahosi 208 ming so‘mlik 22 qop talon-toroj qilinishida e’tiborsizlik qilgan deb sudlangan.

“Sud tomonidan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindim, 20 foiz ish haqi davlatga o‘tkazilishi sharti bilan. [Ozodlikka chiqib] ishga kirish uchun borsam, sudlangansan, deb hech joyda meni ishga olishmadi. 13 yildan beri bekor (ishsiz) edim. Sudga kelib sudlanganlik maqomini bekor qilish bo‘yicha ariza yozdim”, — dedi sudlanuvchi.

Fuqaro Yangiyer shahridagi qishloq xo‘jaligi kimyo bazasiga vaqtincha yordamchi kuch sifatida yuborilgan bo‘lgan. Ombor mudiri tomonidan “Zil” yuk mashinasida yashirin tarzda narxi 208 ming so‘m bo‘lgan 22 qop selitrani avtobazadan chiqishiga ruxsat berib yuborgan. Oqlangan shaxsning aloqasi bor deb, unga Jinoyat kodeksining 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, sudlangan.

Kassatsiya instansiyasining sud majlisida sudlov hay’ati tomonidan fuqaro boshqa shaxslar sodir etgan jinoyatga aloqasi yo‘qligi hamda o‘zining sodir etgan harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli unga oid ishning qismi Jinoyat-protsessual kodeksning 83-moddasi 2-bandiga (Ayblanuvchi qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) uning harakatlarida jinoyat harakatlari mavjud emasligi sababli oqlandi.

“Kutmagandim, chunki 13 yil o‘tib ketibdi, bo‘ldi oqlanmasam kerak deb o‘ylagandim. Ota-onam, aka-ukam xursand”, — dedi oqlangan fuqaro.