Livan ikki yildan ortiq hokimiyat bo‘shlig‘i va siyosiy inqirozdan so‘ng Prezidentni sayladi. Livan Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Jozef Aun parlamentdagi ovoz berishning ikkinchi bosqichidan so‘ng mamlakatning 14-Prezidenti bo‘ldi.
Aun nomzodini 99 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, ikki nafari qarshi ovoz berdi, yana 18 nafari esa betaraf qoldi.
Mamlakat qonunlariga ko‘ra, oliy davlat lavozimiga saylanish uchun 128 o‘rinli parlamentda kamida uchdan ikki qismi ovozini olish, ya’ni kamida 86 deputatning qo‘llab-quvvatlashiga erishish kerak. Parlamentdagi ovoz berishning birinchi bosqichida 71 deputat Aun uchun ovoz berdi.
Prezident saylovi uchun ovoz berish ikki yildan ortiq tanaffusdan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Livan parlamentining respublikaning yangi prezidentini saylash bo‘yicha avvalgi sessiyasi 2023-yil 14-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Bu mamlakatda davlat rahbari uzoq muddatga saylana olmagan birinchi holat emas.
Livan konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatdagi oliy davlat lavozimini faqat maroniy nasroniy egallashi mumkin. Ilgari siyosiy bloklar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli yangi prezident nomini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Sobiq prezident Mishel Aun 2016 yilda parlamentning 46-sessiyasida saylangan.
Parlament o‘rinlari konstitutsiyaviy ravishda diniy va konfessiyalarga ko‘ra bo‘lingan Livanda ko‘plab fraksiyalar faoliyat yuritadi. Shialar, sunniylar, maronitlar, nasroniylar va druzlar kabi turli konfessiya va diniy jamoalar manfaatlarini ifodalovchi partiyalarning ko‘pligi tufayli parlamentda ko‘pchilik ovoz to‘play oladigan yagona nomzod bo‘yicha konsensusga erishish qiyin. AQSH, Fransiya, Saudiya Arabistoni va Eron kabi tashqi kuchlar aralashib, bir yoki bir nechta guruhlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirsa, vaziyat yanada chigallashadi.
Livan hukumatining yuqori lavozimi prezident Mishel Aunning vakolat muddati tugagan 2022-yil 31-oktyabrdan beri vakant edi.
Turli siyosiy guruhlar o‘z raqiblari taklif qilgan nomzodlarga qarshi chiqib, prezidentlik saylovlariga to‘sqinlik qildi. «Hizbulloh» tarafdori va «Hizbulloh»ga qarshi siyosiy bloklar o‘rtasidagi raqobat tufayli parlamentning avvalgi 12 yig‘ilishida yangi prezident saylana olmadi. 2023 yil 7 oktyabrdan keyin Isroilning G‘azo sektoriga hujumi va Livan-Isroil chegarasidagi to‘qnashuvlar ham Livandagi prezidentlik saylovlari masalasini orqaga surdi.
2024-yil 27-noyabrda Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv e’tiborni prezidentlik saylovlariga qaytarish imkonini berdi. 2024-yilning 28-noyabrida, sulh bitimi kuchga kirgan kunning ertasiga parlament spikeri Nebih Berri 13-prezidentlik saylovi yig‘ilishi 9-yanvar kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
O‘t ochishni to‘xtatish rejimini to‘liq tatbiq etish uchun ishlaydigan hukumat va prezident zarurati yagona nomzod bo‘yicha konsensusga erishishning harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi. Yaqin-yaqingacha Livandagi eng yirik siyosiy kuch bo‘lgan «Hizbulloh» bilan Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, shuningdek, «Hizbulloh»ning siyosatdagi mavqei zaiflashayotgani prezidentlik saylovlariga hissa qo‘shgan omillar sifatida talqin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Livan Qurolli Kuchlari Bosh shtab boshlig‘i, parlament tomonidan mamlakatning 14-prezidenti etib saylangan Jozef Xalil Aun 1964 yilda Livan tog‘idagi Sin el-Fin shahrida tug‘ilgan. Livan armiyasiga ko‘ngilli sifatida qo‘shilgan Aun 1983-yilda Harbiy akademiyaga o‘qishga kirdi. 1985-yilda Aun general-leytenant, 2013-yilda brigada generali, 2017-yilda esa general unvonlariga ko‘tarildi va o‘sha yili Livan armiyasi bosh shtabining 14-boshlig‘i etib tayinlandi.
61 yoshli Aun siyosatshunoslik, harbiy ishlar va xalqaro munosabatlarni o‘rgangan va fransuz, ingliz va arab tillarini biladi. U Livandagi mojarolar paytida armiyada faol xizmat qilgan va ko‘plab medallar bilan taqdirlangan. Oilali, ikki farzandi bor.
Livan konstitutsiyasiga ko‘ra, maroniy nasroniy Prezident, sunniy Bosh vazir va shia parlamenti spikeri etib saylanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!