Afg‘oniston va Pokiston chegarasida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonga kelmoqchi. Bu haqda bir qancha Pokiston nashrlari, shuningdek, «The News International» yozmoqda.
Ammo nashrlarda mazkur tashrifga sabab sifatida Afg‘oniston bilan to‘qnashuvlar emas, balki Pokistonning “Vision Central Asia” siyosatiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari bilan faol hamkorlikni davom ettirmoqchiligi keltirilgan.
Qayd etilishicha, unga safar chog‘ida Bosh vazir o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Muhammad Ishoq Dar va ba’zi muhim federal vazirlar, shuningdek, ishbilarmon doiralar delegatsiyasi ham hamrohlik qiladi.
“Bosh vazir ikki kun davomida O‘zbekistonda bo‘ladi. U O‘zbekistonga tranzit savdosi uchun Karachi portidan foydalanishni taklif qiladi, shuningdek, muhim savdo shartnomalarini imzolaydi”, deya yozgan manbalar.
Bundan tashqari, Shahboz Sharif Ozarbayjonga ham tashrif buyurishni ko‘zlamoqda. Manbalarda aytilishicha, Pokiston ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka oid bir qancha shartnomalar tuzadi. Shuning bilan u yetti oydan kamroq vaqt ichida uchinchi marta Ozarbayjon poytaxti Bakuda bo‘ladi.
Qayd etish joiz, O‘zbekistondan Pokistonning Karachi portiga yuklarni yetkazish uchun temiryo‘l kerak va u Afg‘oniston hududidan o‘tadi. O‘zbekiston hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston orqali o‘tadigan 760 km temiryo‘l Pokistonga yuklarni yetkazib berish muddatini taxminan besh kunga, transport xarajatlarini esa kamida 40 foizga qisqartiradi. Taxminlarga ko‘ra, qiymati 6 milliard dollargacha bo‘lgan loyiha 2027 yil oxirigacha yakunlanadi, 2030 yilgacha poyezdlar Transafg‘on temiryo‘li bo‘ylab yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi temiryo‘l yo‘nalishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, O‘zbekiston va Afg‘onistonni Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tovarlar eksport qilish uchun Arab dengizidagi Pokiston portlari bilan bog‘laydi.
Biroq ayni paytda Afg‘oniston va Pokiston orasidagi munosabatlar yaxshi emas. 2024 yil 24 dekabrda Pokiston havo hujumlari oqibatida Afg‘onistonning sharqida kamida 46 kishi halok bo‘lgan. Afg‘oniston rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, 46 qurbonning katta qismini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Pokiston tomoni hujumlarda “terrorchilar boshpanalari” nishonga olinganini aytmoqda. Bunga javoban Afg‘onistonning “Tolibon” muvaqqat hukumati chegaraga harbiy texnika va 15 ming askarni joylashtirgan. Shundan so‘ng afg‘onlar bahsli chegarada Pokistonning bir nechta pozitsiyalariga hujum qilgan. U yerda to‘qnashuvlar davom etmoqda.
“Tolibon” vakillari Britaniyaning “Telegraph” gazetasiga bergan intervyusida mojaroning har qanday keskinlashuviga tayyor ekanini aytgan.
“Ularda yadro bombasi bormi-yo‘qmi, bizni qiziqtirmaydi”, deydi “Tolibon” vakili.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!