Jamiyat, Jinoyat

Toshkentda prokuratura tergovchisi pora bilan qo’lga tushdi

Toshkentda prokuratura tergovchisi pora bilan qo’lga tushdi

Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi pora bilan ushlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda Toshkent shahrida gul yetishtirish faoliyati bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatning muqaddam prokuratura organlarida ishlagan va sudlangan yuristi savdo-sotiq sohasiga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat mansabdor xodimlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 184 va 189-moddalari bilan qoʻzgʻatilib, Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllamaslik masalasini mazkur tuman prokuraturasi mansabdor shaxslari orqali hal qilib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, masʼuliyati cheklangan jamiyat yuristining avtomashinasida Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi undan ushbu pul mablagʻini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Hozirda prokuratura tergovchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, masʼuliyati cheklangan jamiyat yuristiga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 212-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Chortoq tumani prokurorining katta yordamchisi esa 2400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Namangan viloyati Chortoq tumani prokurorining katta yordamchisi tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori 5 nafar fuqaroga nogironlik nafaqasini belgilashda soxta hujjatlar tayyorlab berganligi yuzasidan taqdim qilingan materiallarni oʻrganib chiqib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrmaslik evaziga 3000 AQSh dollari talab qilgan.

Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 2400 AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.