Joriy yilning 9 yanvar kuni mahalliy dron Los-Anjeles hududida o‘rmon yong‘inlari bilan kurashayotgan CL-415 Super Scooper samolyoti bilan to‘qnashib ketdi. Bu haqda Los-Anjeles okrugi O‘t o‘chirish boshqarmasi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Hodisa oqibatida samolyotning qanoti shikastlangan, bu esa uni ta’mirlashni kutmasdan, to‘liq ishdan chiqargan. Samolyot yerga qulagan va yonib ketgan.
CL-415 Super Scooper samolyoti dengizdan 1600 gallongacha suv olib, olovga tashlashga qodir. Kaliforniya Yong‘in xavfsizligi departamenti matbuot kotibi Kris Tomas “The New York Times” gazetasiga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, voqea mintaqada yong‘in o‘chirish ishlarini sekinlashtiradi.
Federal aviatsiya ma’muriyatiga ko‘ra, hozirda hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Los-Anjeles hududida sodir bo‘lgan yong‘inlar sababli parvozlarga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildt. Ular yong‘inga qarshi operatsiyalar xavfsizligini ta’minlash uchun Federal aviatsiya ruxsatisiz dron va boshqa samolyotlardan foydalanishni taqiqlaydi.
Los-Anjeles okrugi Yong‘in xavfsizligi boshlig‘i Entoni Marronning aytishicha, dron Palisades hududida rasmiy yong‘inni o‘chirishda ishtirok etmagan va to‘qnashuv oqibatida butunlay yonib ketgan. Marron, shuningdek, “Los Angeles Times” gazetasiga FQB keyingi dron hodisalarining oldini olish uchun hududda “havo zirhlari” tizimini joriy qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
Taqiqlarga qaramay, bir nechta ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari aviatsiya cheklovlarini buzgan va vayronagarchilik aks etgan dron fotosuratlari va videolarini tarmoqlarga joylashtirgan. Qayd etilishicha, bunday harakatlar aviatsiya uchun qo‘shimcha xavf tug‘diradi.
Federal aviatsiya departamenti, shuningdek, qoidabuzarlar yong‘inni o‘chirish, huquqni muhofaza qilish yoki favqulodda vaziyatlar vakillarining aviatsiya operatsiyalariga aralashgani uchun 75 ming dollargacha fuqarolik jarimasiga tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
“Biz ushbu qoidabuzarliklarga jiddiy yondashamiz va ularning oldini olish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga tayyormiz”, deya ta’kidladi departament.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!