Rossiyalik futbol agenti Dmitriy Selyuk intervyularidan birida Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tishi hamda Rossiya jamoalarining o‘zbek futbolchilariga bo‘lgan munosabatlari haqida keskin fikr bildirdi.
Husanov haqida
Agent so‘z avvalida Xusanovni avvaldan yaxshi bilishini ma’lum qilgan. “U Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida o‘ynaganida futbolchim bilan bir xonadonda yashagan. Ko‘rib turganingizdek, u o‘zini ko‘rsatgan va “Lans” qiziqishiga sabab bo‘lgan. Keyinroq Fransiyaga yo‘l olgan. Husanovning Fransiyaga moslashishi uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. Bu mavsumda esa u o‘zini yaxshi ko‘rsatdi va endi, aytganlaridek, uni “Manchester Siti” so‘rab keldi”.
RPL sport direktorlarining o‘zbek futbolchilariga munosabati
Mutaxassis intervyu chog‘ida o‘rtaga qiziqarli savol tashladi. “Nega Rossiya klublari uni (Husanovni) payqamadi? Bilasizmi, ba’zan Belarus va O‘zbekistondan bo‘lgan futbolchilarni RPL sport direktorlariga taklif qilsangiz, ular sizga xuddi siz unga xokkeychi haqida gapirayotganingizdek qarashadi. G‘alati hikoya, bu alohida mavzu”, deydi u.
Men bunga ishonmayman
Futbol agenti futbolchi atrofida aylanayotgan xabar va yangiliklar, transfer summasi narxlaridan hayratda ekanini yashirib o‘tirmadi. “OAVda paydo bo‘lgan summalardan hayratdaman. Qanaqa 50 million? Nimalar deyapsiz? Men bunga ishonmayman. Qandaydir o‘yin bo‘layotganga o‘xshaydi. 15 mln.ga ishongan bo‘lardim. Maksimum – 20. 40 mln. va qandaydir bonuslar haqida yozishmoqda. Boshqa tomondan, “Siti”da juda ko‘p pul bor. Ehtimol, ular bunday xaridni amalga oshirishga qaror qilishgan. Bilmadim, lekin 50 million, albatta, juda ko‘p! Dunyoda markaziy himoyachi uchun shunday pul to‘laydigan ko‘plab klublarni bilasizmi? Men – yo‘q”, deydi mutaxassis.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!