Endilikda aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Buning aholiga qanday foydasi bor?
Fraksiya a’zosi Dilmurod Artiqov qonun loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Iqtisodiy protsessual hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga aholiga sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etishning huquqiy asoslarini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilayotganini qayd etdi. Ya’ni, u bilan sud majlislarida sud binosiga kelmasdan masofadan turib mobil videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishning protsessual asosi va tartibi belgilanmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi aholining sud majlislarida qatnashish uchun sud binolariga kelishlari bilan bog‘liq ovoragarchiliklarining oldini olish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Bir huquqbuzarlik uchun bir necha maratoba javobgarlikka tortilishning oldini olish
Shundan so‘ng, deputatlar tadbirkorlik subyektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga shaxsning sodir etgan aynan bir huquqbuzarlik uchun bir marotaba javobgarlikka tortilishini ta’minlash va soliq ma’muriyatchiligining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni liberallashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, tadbirkorlik subyektlari oldidagi majburiyatlarni kamaytirish, ularning aylanma mablag‘larini biznesni rivojlantirishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!