Iqtisodchi Yuliy Yusupovga ko‘ra, Respublika oliy ta’lim kengashi tomonidan kiritilgan bu majburiyat o‘zining qonuniy asosi yo‘qligiga qaramay, kuch bilan majburiy ijro etilmoqda. Universitetlar, agar shartnomani imzolamasa, turli tekshiruvlar va ruxsatnomalardan mahrum bo‘lish bilan tahdid qilinmoqda.
“Shovqin ko‘tarsangiz ham, deputatlarni yordamga chaqirsangiz ham befoyda”
Respublika oliy ta’lim kengashi kuni kecha xususiy universitetlarning rahbarlarini yig‘ib, tashqariga chiqib shovqin ko‘tarsangiz ham, deputatlarni yordamga chaqirsangiz ham, bu hech narsani o‘zgartirmaydi — biz belgilagan “soliq”ni baribir to‘laysizlar, aks holda, jazoga tortilasizlar, deb ochiqchasiga tahdid qilgan.
Vaziyatning murakkabligi nafaqat moliyaviy yuklamalarda, balki davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi notenglikda ham namoyon bo‘lmoqda.
Deputatlar so‘rovi natijasiz qoldi
2024-yil dekabr oyida Respublika oliy ta’lim kengashi xususiy universitetlarga 4 foizlik to‘lov joriy etganida, masala parlament darajasida ham muhokama qilindi. Oliy Majlis deputatlari rasmiy so‘rov yuborib, bu qarorning qonuniy asosini ko‘rsatishni va mazkur to‘lovdan voz kechishni talab qildi. Ammo bu so‘rov natijasiz qoldi.
Deputatlarning e’tirozlariga qaramay, Respublika oliy ta’lim kengashi xususiy universitetlar rahbarlarini qayta yig‘ib, to‘lovni amalga oshirish majburiy ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Bu esa davlat boshqaruvi tizimidagi deputatlarning roli va jamoatchilik talablarining inobatsiz qoldirilganini ko‘rsatmoqda.
Qonuniy asos bormi?
Iqtisodchi Yuliy Yusupov jarayonni qonuniy asosdan mahrum tashabbus sifatida baholadi. U o‘z chiqishida, Respublika oliy ta’lim kengashining bu harakati davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarda notenglikni yanada kuchaytirishini ta’kidladi.
Yusupovga ko‘ra, xususiy universitetlardan kontrakt mablag‘larining 4 foizini talab qilish davlat tomonidan kiritilgan noqonuniy majburiyatdir. U buni “soxta ixtiyoriylik” deb atab, qarorning muqarrar ijro etilishi amalda biznesga bosim sifatida talqin qilinishi mumkinligini qayd etdi.
“2015-yilga qaytdik”
Iqtisodchi Otabek Bakirov buni 2015-yildagi eski davlat siyosatining qaytishi deb baholadi. Bakirovga ko‘ra, davlat tomonidan xususiy sektorni erkin rivojlantirishga imkon berish o‘rniga, unga moliyaviy bosim o‘tkazilmoqda. U, shuningdek, agar bu to‘lov amalga oshirilmasa, davlat organlari tomonidan litsenziyalarni bekor qilish yoki tekshiruvlarni tashkil etish tahdidi mavjudligini ochiq aytdi. Bakirov bu holatni davlat boshqaruvida haligacha inqirozga sabab bo‘layotgan o‘tmishdagi noto‘g‘ri yondashuvlar davomiyligi bilan izohladi.
“Yo hammaga, yo hech kimga” — Erkinlik haqida
Jurnalist va bloger Muhrim Azamxo‘jayevning fikricha, O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy erkinlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada qisqarmoqda. Davlatning tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish o‘rniga ularga turli to‘siqlar yaratishi bu muammoni yanada chuqurlashtiradi.
Azamxo‘jayev UzIMEI tizimining 30 foizlik boj solig‘ini, elektromobil importi uchun UzTest byurokratiyasini, va qimmat avtoraqamlar kabi iqtisodiy yuklarni misol qilib keltirar ekan, ularni “xalqning erkin harakat qilish va ish yuritish imkoniyatlarini cheklovchi omillar” sifatida baholadi.
U shuningdek, haydovchilikka o‘qish va imtihon topshirish narxlarining oshishi haqida gapirib, bu jarayonlarning kelajakda oddiy fuqarolar uchun ham og‘ir yuk bo‘lishidan xavotir bildirdi. Azamxo‘jayev:
“Endi esa Konstitutsiya, prezident va parlamentni chetlab o‘tib, xususiy universitetlarga “soliq” ham joriy qilindi. Xususiy universitetlarni ochish esa necha yillardan beri amalda taqiqlangan”, – deb tanqid qildi.
Jurnalistning fikricha, erkinlik degani butun jamiyat uchun barqaror prinsiplarga asoslanishi lozim.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirar ekanmiz, xususiy universitetlarga 4 foizlik to‘lovning majburiy ravishda joriy etilishi nafaqat moliyaviy yuk, balki davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi ziddiyatlarning yaqqol ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!