Yangiliklar

Qozog‘iston kartoshka eksportini to’xtatmoqchi

Qozog‘iston kartoshka eksportini to’xtatmoqchi

Bu O‘zbekistonda ham kartoshka narxining yana ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Qozog‘iston hukumatining iddaosicha, qo‘shni davlatlarda, ayniqsa, O‘zbekistonda kartoshkaga bo‘lgan talab va uning yuqori narxi natijasida 2025-yilda kartoshka eksporti 1,5 barobarga oshgan. Agar 2024-yilda eksport hajmi 411 ming tonna bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 605 ming tonnaga yetgan.

«Qo‘shni davlatlardan kelib chiqqan haddan tashqari talab mamlakatning ichki bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatgan», deb hisoblaydi Qozog‘iston hukumati.

2025-yil 18-yanvar kuni o‘tkazilgan savdo faoliyati masalalari bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishida uchinchi davlatlarga kartoshka eksport qilinishini olti oyga cheklashga qaror qilingan.

So‘nggi haftada eksportga mo‘ljallangan ishlab chiqaruvchilarning kartoshka narxi 170 (4160 so‘m) tengedan 270 (6600 so‘m)tengegacha keskin oshgani qayd etilgan.

Hozirda Toshkent bozorlarida kartoshka o‘rtacha 7-9 ming so‘m atrofida sotilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga eng ko‘p kartoshka aynan Qozog‘istondan olib kelinadi. Statistika agentligi ma’lumotga ko‘ra 2024-yilning 11 oyida Qozog‘istondan 465,2 ming tonna kartoshka import qilingan.