HAMASning harbiy qanoti — Izz ad-Din al-Qassam Brigadalari 2025-yil 19 yanvar kuni 3 nafar isroillik ayol asirni Qizil Xoch xalqaro tashkiloti vakillariga topshirdi. Bu voqea Isroil va Hamas o‘rtasidagi otashkesim va mahbuslar almashuvi bo‘yicha kelishuvning birinchi bosqichi doirasida amalga oshirildi.
Qizil Xoch jamoasi G‘azo shahridagi Saraya maydonida asirlarni qabul qilgan paytda minglab falastinliklar takbir va shiorlar bilan yig‘ilgan bo‘ldi. Isroil qo‘shinlari tomonidan berilgan rasmiy bayonotda 3 nafar mahbusning ozod qilingani tasdiqlandi va ularni Isroil hududiga qaytarish amaliyoti boshlangani bildirildi.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ushbu kelishuv Qatar davlatining vositachiligida 15 yanvar kuni imzolangan.
Unda G‘azo sektoridan boshlangan otishmalarni to‘xtatish va mahbuslarni bosqichma-bosqich almashish nazarda tutilgan. Birinchi bosqich doirasida 42 kun mobaynida 33 nafar isroillik ozod qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, kelishuv doirasida gumanitar yordam yetkazib berish va G‘azodan ko‘chirilgan falastinliklarni o‘z hududlariga qaytarish masalalari ham o‘z aksini topgan. Keyingi bosqichlar tafsilotlari birinchi bosqich tugaganidan so‘ng e’lon qilinadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!