Jamiyat

Yangi sanoat korxonalari faoliyatini taqiqlash va shahar tashqarisiga ko‘chirish taklif qilinmoqda

Yangi sanoat korxonalari faoliyatini taqiqlash va shahar tashqarisiga ko‘chirish taklif qilinmoqda
Smokestacks with pollution
“O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yangi sanoat korxonalari faoliyatini taqiqlash va mavjudlarini shahar tashqarisiga ko‘chirish bo‘yicha taklif kiritilgan.

Dolzarbligi

Bugungi kunda shaharlarda sanoat korxonalari uglevodorod yoqilg‘ilarini yoqishdan tashqari, ekologik xavfli mahsulotlar ishlab chiqarish orqali ham atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, 2023 yilda ifloslantirilish darajasi bo‘yicha tashlamalarning umumiy miqdori 1,8 mln tonnani tashkil qilib, shundan 1,0 mln tonnasi (57 foiz) transport vositalari hamda 800,0 ming tonnasi (43 foiz) sanoat va ishlab chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Respublikada 2023 yilda 7 036 ta ishlab chiqarish korxonalarida 125,6 mln tonna sanoat chiqindilari hosil bo‘lgan.

Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlarida ko‘mirdan va kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berishda mazutdan foydalanish hajmi oshgan. Ma’lumot uchun, 2019 yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2023 yilda 11,0 mln tonnaga yetgan. So‘nggi 2 yil mobaynida mazutdan foydalanish deyarli 5 barobarga ortgan. Natijada aholi o‘rtasida turli xil surunkali kasalliklar, jumladan, astma, allergiya, o‘pka bronxiti va boshqa kasalliklar kelib chiqmoqda.

Amaliyotga tatbiq etilishi

Taklifga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan boshlab quyidagi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi:

— asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;

— teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;

— samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;

— qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimoviy moddalar bilan ishlash;

— xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

Shuningdek, 2025 yil 1 maydan yuqorida ta’kidlangan faoliyat turlariga mansub bo‘lgan yangi loyihalarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish man etiladi. Qolaversa, 2025 yil 1 oktyabrga qadar atrof muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan ob’ektlarni hamda energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi mavjud quvvatlarni bosqichma-bosqich ko‘chirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham ko‘zda tutilgan.

Xalqaro tajriba

“Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo‘q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to‘g‘risida” Bazel konvensiyasida asbest chiqindilari (changi va tolasi) xavfli chiqindilar ro‘yxatiga kiritilgan. Konvensiya O‘zbekistonda 1996 yilda qabul qilingan. Germaniyada esa Rur regioni transformatsiyasi tajribasi asosida uglerod yoqilg‘isida faoliyat yurituvchi korxonalarni aholi zich joylashgan hududlardan sanoat hududlariga ko‘chirilgan. Natijada havo ifloslanishi 60 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, Xitoyda 1990 – 2000 yillarda Pekin, Shanxay va Guanchjou shaharlaridagi metallurgiya va kimyo korxonalari ta’sirida havo va suvning ifloslanish darajasi keskin ortganligi bois 2010 yildan boshlab ishlab chiqarishlarni megapolislardan tashqariga ko‘chirish amaliyoti boshlangan. Unga asosan, Pekindagi “Shougang Group” metallurgiya korxonasi shahardan 100 km uzoqdagi Xebey viloyatiga ko‘chirilgan. Bundan tashqari, Olma-ota, Jakarta kabi shaharlarda atrof-muhit holatini yaxshilashda ushbu mexanizmlardan foydalanilgan.

Qanday foydasi bor?

Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan yangi loyihalar taqiqlanishi va hozirda mavjud 168 ta sanoat korxonalari bosqichma-bosqich chetga chiqarilishi natijasida hududlarning ekologik barqarorligi ta’minlanadi.

Sanoat korxonalari ko‘chirib kelingan hududlarda yangi ish o‘rinlari va infratuzilma ob’ektlari (yo‘l, elektr, gaz va suv ta’minoti) barpo etiladi.

Samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan korxonalar faoliyati taqiqlanishi natijasida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori qisqaradi.

Shu bilan birga, energiya manbai sifatida ko‘mirdan foydalanadigan barcha korxonalarda chang va gazni tozalash inshootlarini o‘rnatish, sanoat chiqindilarini qayta ishlash dasturlarini yaratish va ulardan qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun foydalanish, parranda fabrikalari uchun bioenergetika texnologiyalarini hamda teri ishlab chiqarish zavodlari uchun oqova suvlarni tozalash tizimlarini joriy etishga erishiladi.

Ma’lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi “O‘zbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiya_yili_bot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!