Jamiyat

Endi elektron sigaretalar taqiqlanishi mumkin

Endi elektron sigaretalar taqiqlanishi mumkin
Bugun, 24-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida elektron sigaretalarni butunlay taqiqlashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, majlisda ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasida nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Bildirilishicha, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan deputatlar bergan takliflar asosida undagi normalar takomillashtirilgan va loyiha matni maromiga yetkazilgan.

“Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining hayoti va sog‘lig‘ini yanada himoya qilish, millat genofondini saqlash, atrof-muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi”, deyiladi xabarda.