Jamiyat

Harbiy xizmatni o’tash bilan bog‘liq nizomga o‘zgartirishlar kiritildi

Harbiy xizmatni o’tash bilan bog‘liq nizomga o‘zgartirishlar kiritildi

Prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatni (xizmatni) o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra:

– Ichki ishlar organlari xizmatiga kirish istagini bildirgan fuqaro “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar bilan yozma shaklda tanishtiriladi.

– Mazkur cheklovlarga rozi bo‘lgan hamda vazirlikning maxsus talablariga javob beradigan nomzodlar ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi.

Shuningdek, davlat bojxona xizmati organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra:

– Bojxona organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga rioya etishni rad etgan yoki maxsus talablarga javob bermaydigan fuqarolar xizmatga qabul qilinishi mumkin emasligi belgilandi.

Bundan tashqari, fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra:

– Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunida va harbiy xizmat shartlarida nazarda tutilgan harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlar hamda maxsus talablar bilan yozma shaklda tanishtiriladi.

– Mazkur cheklovlar bilan kontrakt tuzishga rozi bo‘lgan hamda vazirliklarning maxsus talablariga javob beradigan nomzodlar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinadi.

Harbiy xizmat turlari qanday va kimlar chaqiriladi?

Harbiy xizmat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turidir.

Harbiy xizmatning quyidagi turlari joriy etiladi:

·      muddatli harbiy xizmat;

·      safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;

·      kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;

·      O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.

Tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga o‘n sakkiz yoshdan yigirma etti yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladilar.