Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Mening yurtim” telekanali muxbiri Ruxsora G‘ofurovaning Jizzaxdagi tegishli bankda bank xodimasi fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirganlik bilan bog‘liq materiali jamoatchilikning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘lmoqda.
Jurnalistdan olingan tushuntirish xati
Uyushma vakillari “Mening yurtim” telekanali muxbiri Ruxsora G‘ofurova bilan uchrashib, masalaga oydinlik kiritishdi. R. G‘ofurovaning so‘zlariga ko‘ra, telekanalga 2024-yilning dekabr oyida fuqarolar Oybek Ochilov, Zebo Boynazarova va Jamoliddin Boynazarovlardan murojaat xati kelib tushgan. Ushbu murojaat asosida “Mening yurtim” telekanali jurnalisti material tayyorlab, lavha efirga uzatgan.
Lavha efirga uzatilgach, bank xodimasining arizasiga ko‘ra, ichki ishlar bo‘limi Ruxsora G‘ofurovadan faqatgina ushbu holat yuzasidan tushuntirish xati olgan. Bu haqda R. G‘ofurovaning advokati Amrullo Ahmedov uyushmaga ma’lum qilgan.
Advokatning ta’kidlashicha, 2025-yil 24-yanvar holatiga ko‘ra, R. G‘ofurovaga nisbatan hech qanday ma’muriy bayonnoma tuzilmagan. Shunday ekan, jurnalistga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asossizdir”, – deyiladi uyushma xabarida.
Bank xodimasining turmush oʻrtogʻi chindan ham sudya boʻlib chiqdi
Mazkur holatni o‘rganish jarayonlarida fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirganligi aytilayotgan bank xodimasining turmush o‘rtog‘i sudya ekani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual kodeksining 322-moddasi 3-bandida ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar jinoyat ishi qo‘zg‘atishga sabablar va asoslar qatorida qayd etilganini eslatadi. Yuqoridagi holat bo‘yicha tegishli organlardan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq huquqiy baho berilishini so‘radi.
Jurnalist bilan bog‘liq holat kuzatib boriladi
Uyushma “Mening yurtim” telekanali muxbiri Ruxsora G‘ofurova bilan bog‘liq holat bo‘yicha adolatli qaror qabul qilinishi ta’minlanishiga har jihatdan ko‘maklashishini, holat bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatib, ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha axborot berib borilishini ma’lum qildi.
Huquq faolining munosabati
Eslatib oʻtamiz, avvalroq inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov “MY5” kanali muxbiri Ruxsora G‘ofurova Jizzaxdagi bank xodimasin fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani haqida material tayorlagani, material efirga uzatilgach, bank xodimasining arizasiga ko‘ra Ruxsora G‘ofurovaning o‘ziga nisbatan maʼmuriy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar qilgandi.
“Bank xodimasining o‘zga shaxslar nomiga olingan kreditining bir qismini uning eri – Oliy sud sudyasi Sharofiddin Boliyev o‘z plastik kartasi orqali to‘lab kelgan. Sudya bu qonunbuzarlikdan xabardor bo‘lgan va qonunbuzar ayolini himoya qilgan. Katta ehtimol bilan jurnalistga hujum ortida ham janobning o‘zlari turibdi”, – deb yozgan Tashanov.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!