Rossiyada mamlakat fuqarolari bilan turmush qurish asosida vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma (VYaR) va doimiy yashash uchun ruxsatnoma (YaR) olishni qiyinlashtiradigan qonun kuchga kirdi.
3 yillik nikoh
Endi soddalashtirilgan tartibda VYaR olishni xohlovchi xorijliklar Rossiya fuqarosi bilan kamida uch yil turmush qurgan bo‘lishi kerak. Ajralish yoki nikoh haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ruxsatnoma bekor qilinadi.
Otalik yozuvini bekor qilinsa YaR ham bekor qilinadi
Rossiya fuqaroligi bo‘lgan, ikkinchi otasi yoki onasi ham Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lgan bolaning mavjudligi asosida YaR olish uchun Rossiyada kamida uch yil birga yashaganlik sudda tasdiqlanishi talab qilinadi. Ota-onalik huquqlarining buzilishi yoki otalik yozuvini bekor qilish ham YaRning bekor qilinishiga olib keladi.
Rossiyada soxta nikoh kuchayib ketgan
Qiyinlashtirish choralari soxta nikohlar va soxta otalikka qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lib, ular Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, migratsiya hujjatlarini olish uchun asoslarning muhim qismini tashkil qiladi.
Migrantlarga turmush qurishni taqiqlash haqida
O‘tgan yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy “Kommersant” nashriga bergan intervyusida hozirda mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklarning reyestrini tuzilayotganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, bu reyestrga kiritilganidan keyin migrantlar transport vositalarini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mulkni ro‘yxatga olish, nikoh tuzish va bekor qilish, bolalarni bog‘cha va maktablarga ro‘yxatdan o‘tkazish imkonidan foydalana olmaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!