Jahon, Jamiyat

O‘zbekistonlik ishchilarga Markaziy Yevropada talab katta

O‘zbekistonlik ishchilarga Markaziy Yevropada talab katta

Yevropa mehnat bozori hozirgi vaqtda o‘zbekistonlik ishchilar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Polsha va Germaniya kabi davlatlar o‘z bozorlaridagi malakali ishchi kuchi tanqisligini qondirish uchun Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston ishchilarini jalb qilishni maqsad qilgan.

Polshadagi imkoniyatlar

Polsha mehnat bozori ko‘plab sohalarda ishchi kuchiga katta ehtiyoj sezmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Polsha hozirda qurilish, ishlab chiqarish, logistika va mebel sohalarida o‘zbekistonlik ishchilarni faol jalb qilmoqda.

Ishga taklif etilayotgan sohalar:

• Qurilish: Polshada qurilish sohasida malakali ishchi kuchiga talab ortib bormoqda. Ishchilar ko‘pincha bino ta’mirlash, yangi inshootlar qurilishi va texnik ishlarni bajarish uchun yollanadi.

• Ishlab chiqarish: Korxonalarda texnologik uskunalar bilan ishlash va mahsulotlarni yig‘ish bo‘yicha ish joylari mavjud.

• Logistika: Yuklarni joylashtirish, saqlash va yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha talab yuqori.

• Mebel ishlab chiqarish: Mebel zavodlari montajchilar va texnik xodimlarni ishga olishga qiziqmoqda.

Polshaning o‘zbekistonlik ishchilar uchun afzalliklari

Polsha kompaniyalari o‘zbekistonlik ishchilarni mehnatsevarlik, mas’uliyat va intizom uchun qadrlaydi. Aksariyat o‘zbekistonlik ishchilar rus tilini biladi, bu esa Polsha korxonalarida rus tilida gaplashuvchi koordinatsiya xodimlari mavjudligi sababli, aloqa o‘rnatishni osonlashtiradi. Hozirda Polshada 20 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ishlamoqda.

Polsha bandlik agentliklari, xususan, Worksol, Polsha mehnat bozoridagi talabni qondirish uchun o‘zbekistonlik ishchilarni yollashni kengaytirmoqda. Worksol O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochgan va ishga yollash jarayonini tizimli ravishda amalga oshirmoqda.

Germaniyadagi yuqori daromadli ish o‘rinlari

Germaniyada transport va logistika sohasida malakali haydovchilarga talab katta. Germaniyadagi ish imkoniyatlari haqida Migratsiya agentligi xabar bermoqda. Ular Germaniyada ishlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash va o‘zbekistonlik ishchilarni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlamoqda.

Haydovchilar uchun ish sharoitlari:

• Maosh: Haydovchilar uchun o‘rtacha oylik daromad 3000 yevroni tashkil etadi, qo‘lga tegadigan sof daromad 2150 yevro.

• Ish vaqti: Haftasiga 5 kun, kuniga 8 soat ishlash talab etiladi.

• Qo‘shimcha imkoniyatlar: Ish beruvchilar viza olish, aviachiptalarni taqdim etish, yashash joyini ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta xizmatlarini o‘z zimmalariga oladilar.

Nomzodlar uchun talablar:

• Yosh: Avtobus haydovchilari uchun 23–43 yosh, yuk mashinalari haydovchilari uchun 21–43 yosh.

• Haydovchilik guvohnomalari: BS yoki CE toifali haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi.

• Til bilimi: Nemis tilini kamida A2 yoki B1 darajada bilish zarur.

• Kasbiy tayyorlov: Ish beruvchilar haydovchilarni qayta tayyorlash va zarur bo‘lgan sertifikatlarni olish uchun treninglar tashkil etadi.

Nega aynan Germaniya?

Transport va logistika sohasida Germaniya Yevropada yetakchi hisoblanadi. Ma’lum qilinishicha, agentlik Germaniyada ishlashni xohlovchilarga hujjatlarni tayyorlashdan boshlab, ishga joylashguniga qadar ko‘mak beradi.