Jahon, Jamiyat

Uzbekistan Airways Rossiya va Belarus hududini aylanib o‘tgan holda Yevropaga bormoqda

Uzbekistan Airways Rossiya va Belarus hududini aylanib o‘tgan holda Yevropaga bormoqda

Uzbekistan Airways Yevropa hududiga parvozlarni Rossiya va Belarus hududini aylanib o‘tgan holda amalga oshirmoqda. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov 28-yanvar kungi matbuot anjumanida xabar bergan.

Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi tavsiyasi asosida

Ma’lum bo‘lishicha, aviakompaniya reyslari 2025-yil 20-yanvardan boshlab janubroqdan – Ozarbayjon va Turkiya hududlari orqali amalga oshirilmoqda.

Kompaniya matbuot xizmati izoh berishicha, yo‘nalish o‘zgarishi Azerbaijan Airlines samolyoti aviahalokati bilan bog‘liq emas. “Bu Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi tavsiyasi, chunki biz Yevropa fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatamiz. Bu Ozarbayjon havo yo‘llari samolyoti halokati bilan bog‘liq emas”, — deyiladi bayonotda.

O‘z navbatida, kompaniya matbuot xizmati Repost.uz nashrining shu mazmundagi savoliga javoban “bu shunchaki ehtiyot choralari va ma’lum darajada yo‘nalishlarni optimallashtirish” ekanini aytgan.

Endilikda Yevropagacha masofa uzaygan, masalan, Toshkent-Myunxen reysida oldin Rossiya orqali uchilganida masofa 4849 kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda 5156 kilometrga yetgan.

Yo‘nalish uzaygan bo‘lsa-da, narxlar oshmagan

“Tabiiyki, bu reysni bir tomonga 30–40 daqiqaga uzaytiradi va kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak”, – dedi aviakompaniya rahbari.

Aqtaudagi halokat

Kompaniya rahbarining aytishicha, Qozog‘iston hududida Azerbaijan Airlines samolyoti halokatidan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri rahbarligida komissiya tuzilgan va shoshilinch muhokama o‘tkazilgan. Komissiya tarkibiga Mudofaa vazirligi, Transport vazirligi, O‘zaviatsiya, Uzbekistan Airways va boshqa tuzilmalar vakillari kiritilgan bo‘lib, ular vaziyatni sinchkovlik bilan tahlil qilib, aviaqatnovlar xavfsizligini ta’minlashga oid qarorlar qabul qilishgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, yo‘nalishlar ular amalga oshirilishidan ancha oldin ishlab chiqiladi va kelishib olinadi, qarorlarni aviakompaniyaning o‘zi emas, balki mamlakatning aviatsiya ma’murlari qabul qiladi.

“Biz bunga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining barcha hududlarga barcha reyslari maksimal xavfsizlikni ta’minlash sharti bilan amalga oshirilmoqda”, — degan Shuhrat Xudoyqulov.

Yanvar oyi boshida O‘zbekistondagi Qanot Sharq aviakompaniyasi Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg va Nijniy Novgorod shaharariga parvozlarni 6-martga qadar to‘xtatdi. Aviakompaniyadagilar bu qarorni “ekspluatatsiya zarurati” deb izohlagandi.