Jamiyat

Tergovda shaxsning huquqlari himoya qilinadi

Tergovda shaxsning huquqlari himoya qilinadi

Tintuv toʻgʻrisida soʻrov qoʻzgʻatish, uni koʻrib chiqish asoslari, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish tartibi ham belgilandi. 

Tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlari yanada kuchaytiriladi.

Qonun (OʻRQ-1022-son, 28.01.2025 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Unga koʻra, tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash maqsadida tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni koʻrib chiqish asoslari hamda tartibini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, tergov sudyasining vakolatlari belgilanib, tergov sudyasi yakka oʻzi ish tutib, Kodeksda nazarda tutilgan tartibda sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi.

Shuningdek, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish hamda uni koʻrib chiqish asoslari belgilandi.

Bunda, tintuv oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida uni oʻtkazish uchun asoslarni bayon etgan holda qaror chiqaradi.

Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish asoslari belgilandi.

Bundan tashqari, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish tartibi belgilandi.

Bunda, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.