Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab vabo epidemiyasi avj olmoqda. 2023-yilga nisbatan vabo bilan kasallanganlar soni deyarli 100 ming kishiga ko‘paydi. 2022-yil bilan solishtirilganda bu ko‘rsatkich 340 mingga oshgan. Mutaxassislar bu xavotirli tendensiyani to‘xtatish mumkinligini aytmoqdalar. Biroq vaksinatsiya jarayoni sustlashib, global darajadagi profilaktika choralariga ehtiyoj oshmoqda.
JSST iga ko‘ra, 2024-yilda 33 mamlakatda 805 mingga yaqin kishida vabo aniqlangan. Ushbu epidemiya oqibatida 5 800 nafardan ortiq bemor vafot etgan. Yuqori o‘sish dinamikasi Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasida kuzatilgan bo‘lib, ayniqsa, Yaman eng ko‘p kasallanish qayd etilgan davlatga aylangan. Mazkur mamlakatda 2024-yilda 260 mingdan ortiq yangi vabo holatlari aniqlangan.
Afrika davlatlari ham kasallik tarqalishi bo‘yicha xavfli hududlar sirasiga kirdi. Sudanda 51 ming kishi, Kongo Demokratik Respublikasida 31 ming kishi, Efiopiyada 27 ming kishi, Nigeriyada esa 24 mingdan ortiq kishi vaboga chalingan.
Mutaxassislar vabo tarqalishini jilovlash mumkinligini ta’kidlaydi, biroq farmatsevtika kompaniyalari ushbu kasallikka qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni kamaytirgan. Asosiy sabab sifatida vabo epidemiyasining asosan iqtisodiyoti sust rivojlangan mamlakatlarda tarqalishi va bu davlatlarning vaksinani ommaviy sotib olishga moliyaviy qodir emasligi ko‘rsatilmoqda. Bu esa global vaksinatsiya dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatdan ko‘proq resurs talab qilishini anglatadi.
Mutaxassislarning fikricha, vabo bilan kurashishning eng samarali yo‘li toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishdir. Chunki ushbu kasallik ko‘pincha suv orqali tarqalib, himoyasiz guruhlar uchun o‘ta xavfli bo‘lib qolmoqda.
Global darajada muammo jiddiy tus olgan bo‘lib, mutaxassislar epidemiyani to‘xtatish uchun xalqaro hamjamiyatning hamkorlikda ishlashini talab qilmoqda. Epidemiya o‘chog‘ida bo‘lgan mamlakatlarga gumanitar yordamni oshirish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash va vaksina ishlab chiqarishni rag‘batlantirish vabo tarqalishining oldini olish uchun muhim choralar sifatida qaralmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!