Filadelfiya shahrida qulagan kichik tibbiy samolyot Meksikaga uchayotgan bo‘lgan. Samolyot bortida to‘rt nafar ekipaj aʼzosi, bir bemor, uning onasi – jami 6 kishi bo‘lgan va yo‘lovchilardan hech biri omon qolmagan.
AQSHning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida Learjet 55 rusumli kichik samolyot turar-joy mavzesiga qulab tushdi, oqibatda yong‘in yuzaga kelgan.
Samolyot tez yordamda bemorlarni tashishga mo‘ljallangan. CNN xabariga ko‘ra, uning bortida bemor qiz, uning onasi, ikki nafar tibbiyot xodimi va ikki nafar uchuvchi bo‘lgan.
Layner bemor qizni AQSHda o‘tkazilgan hayotiy muhim muolajadan so‘ng vataniga – Meksikaga qaytarib olib ketayotgan bo‘lgan.
Samolyot Meksikaning Jet Rescue Air Ambulance kompaniyasiga qarashli bo‘lib, bortdagilar ham Meksika fuqarolari bo‘lgan. Jet Rescue Air Ambulance vakillari halokat paytida biror kishi omon qolgani haqida maʼlumot yo‘qligini bildirdi.
Samolyotning qulashi natijasida yerda kelib chiqqan yong‘in bir nechta uylarga zarar yetkazdi. Kamida 6 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qildi.
Aviahalokat sabablari aniqlanmoqda. Kuzatuvchilardan biri CNN telekanaliga samolyot havoda portlaganini aytgan. Portlashga bortdagi kislorod ballonlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Eslatma; Filadelfiyada yuz bergan hodisa AQSHda bir hafta ichida kuzatilgan ikkinchi aviahalokatdir. 29 yanvar kuni kechqurun poytaxt Vashingtondagi Ronald Reygan aeroporti yaqinida American Airlines yo‘lovchi samolyoti va AQSH armiyasining Black Hawk vertolyoti havoda to‘qnashib ketgan, ikkalasi ham Potomak daryosiga qulab tushgan edi. Unda 64 kishi, vertolyotda esa uch nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan. Fojia oqibatida hech kim tirik qolmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!