O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) va uchinchi tomonlarning bojxona tranziti yagona tizimiga qo‘shilish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda 31-yanvar kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.
Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, bu imkoniyat mamlakatlar o‘rtasida yuk tashish tartib-qoidalarini optimallashtirish va soddalashtirish uchun ko‘rib chiqilmoqda.
A. Aripov O‘zbekiston va YOII o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarini o‘zaro asosda qo‘llamaslik to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqishni boshlashni taklif qildi.
Hukumat rahbari, shuningdek, Toshkent YOII doirasida boshlangan sanoat tarmoqlaridagi kooperatsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini ham bildirdi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston ittifoq bilan raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlik qilishni maqsad qilgan.
“Yagona raqamli makonni shakllantirish maqsadida biz O‘zbekistonni YOII integratsiyalashgan axborot tizimi va Digital Union ittifoqining raqamli loyihasiga ulash bo‘yicha yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyormiz”, — dedi bosh vazir.
Abbulla Aripov qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga innovatsion usullarni joriy etish, seleksiya va aqlli qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy ishlarni kuchaytirish, shuningdek, barqaror oziq-ovqat ta’minotini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va uchinchi tomonlar o‘rtasida bojxona tranziti yagona tizimi to‘g‘risidagi bitim 2023-yil noyabrida tasdiqlangan va 2024-yil 26-dekabrda imzolangan. Shartnomaning asosiy maqsadi yuklarni “uzluksiz” tashish, ya’ni ishtirokchilar o‘rtasida eng qulay va samarali logistikani ta’minlashdir.
Bunga elektron hujjat ko‘rinishidagi yagona tranzit deklaratsiyasidan foydalanish, bojxona bojlari, soliqlar, maxsus, antidemping va kompensatsiya bojlarini to‘lash majburiyatini bajarish bo‘yicha yagona kafolatdan foydalanish va YOII mamlakatlari vakolatli iqtisodiy operatorlari va uchinchi shaxslarga berilgan individual maxsus soddalashtirishlardan foydalanish orqali erishish rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!