Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogning aytishicha, davlat rahbari mojaroga barham berish uchun ham ruslarga, ham ukrainaliklarga bosim o‘tkazish niyatida. Uning fikricha, bir necha oy ichida sulhga erishish mumkin.
«Agar biz bu urushni to‘xtata olsak, bu butun dunyoga, jumladan, Qo‘shma Shtatlarga ham foyda keltiradi. O’t ochishni to’xtatish va doimiy tinchlikka erishish bir necha oy ichida ro‘y berishi mumkin», dedi Kellog Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
Jurnalistlar maxsus vakildan Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qiladimi, deb so‘radi. Kellog bu mavzu bo‘yicha javob berishga vakolati yo‘qligini aytdi.
Avvalroq Donald Tramp jurnalistlarga AQSh allaqachon Rossiya hamda Ukraina bilan mojaroga barham berish masalasini muhokama qilayotganini aytgandi. U yaqin orada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan jiddiy masalada gaplashib olmoqchiligini ham ma’lum qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!