Vazirlar Mahkamasida 31 yanvar kuni «Davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari va portallarini «Yagona darcha» tamoyili asosida o‘z ichiga oluvchi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi ishga tushirilgan.
Qaror bilan “Uzinfocom” davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator» masʼuliyati cheklangan jamiyati yagona platforma operatori hisoblanadi.
Yagona platformaga o‘tkaziladigan veb-saytlari faoliyatini texnik qo‘llab-quvvatlash hamda ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha sarf-xarajatlar belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarga muvofiq davlat organlari bilan platforma operatori o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida mazkur davlat organlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari, davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2025 yil 1 martdan boshlab davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faqatgina yagona platformada yuritiladi. Bunda yangi tashkil etilgan davlat organlari o‘zlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini tashkil etilgan sanadan boshlab bir oy muddatda yagona platformada yo‘lga qo‘yadi.
Davlat organlari rahbarlari o‘z tuzilmasining rasmiy veb-sayti yagona platformada yuritilishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
Davlat organlari rasmiy veb-sayt yagona platformaga o‘tkazilganidan so‘ng bir hafta muddatda eski rasmiy veb-saytlar domen manzillarini hamda veb-sayt va undagi maʼlumotlarni saqlab qolgan holda, yagona platformadagi rasmiy veb-saytlar manziliga yo‘naltiradi yoki ularning faoliyatini to‘xtatadi.
«Kiberxavfsizlik markazi» davlat unitar korxonasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda yagona platformani har olti oyda beg‘araz asosda kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazib borsin hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha doimiy monitoringni amalga oshiradi.
Hujjat bilan davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini «Yagona darcha» tamoyili asosida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portalida yo‘lga qo‘yish, yuritish, ulardagi axborot dolzarbligi va xavfsizligini taʼminlash hamda hukumat portalida joylashtiriladigan axborotni davlat organlari tomonidan taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom ham tasdiqlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!