O‘zbekistonda palma yog‘i va uning fraksiyalari 2025-yil 1-martdan majburiy sinovdan o‘tkaziladi. Bu haqda prezidentning 2025-yil 30-yanvardagi qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonga olib kiriladigan palma moyi hamda tarkibida palma moyi va yog‘ kislotalarining trans izomerlari mavjud bo‘lgan mahsulotlarga, shu jumladan, sut va sutni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirishda mavjud akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyalarida o‘rnatilgan tartibda palma moyi va uning fraksiyalari amaldagi texnik reglament va standartlar talablariga asosan majburiy sinovdan o‘tkaziladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga belgilangan tartibda oziq-ovqat xomashyosi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida palma moyidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari asosida foydalanishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Ma’lumot uchun; O‘zbekistonga palma yog‘ining importi 2000-yillardan boshlangan va dastlabki yetkazib berilish miqdori 5 ming tonnani tashkil etgan. Yildan-yilga O‘zbekistonda palma yog‘ining import hajmi ortib borgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!