Kongo Demokratik Respublikasining sharqida joylashgan Goma shahrida M23 isyonchilari va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 900 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 3000 dan ziyod inson yaralandi.
Qizil Xoch xodimlari qurbonlarning jasadlarini yig‘ishda davom etmoqda, biroq qurbonlar soni juda ko‘pligidan ko‘chalarda o‘liklar hali ham yotibdi. Issiq iqlim sharoitida ularni o‘z vaqtida ko‘mish muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
M23 (Mouvement du 23-Mars) – Kongodagi tutsi etnik guruhini himoya qilishini daʼvo qilayotgan isyonchi tashkilot. Biroq Kongo hukumati va xalqaro ekspertlar guruhni qimmatbaho mineral konlarini nazorat qilishda ayblamoqda.
Kongo hukumati M23 ortida Ruanda hukumati turganini daʼvo qilmoqda. BMT maʼlumotlariga ko‘ra, 4000 ga yaqin Ruanda askari Kongoda jang qilmoqda. M23 va Ruanda qo‘shinlari birgalikda Gomani egallashga muvaffaq bo‘lgan.
Hujumlar davomida BMTning kamida 17 tinchlikparvar askari halok bo‘lgan.
Kongo Demokratik Respublikasi dunyodagi eng qimmatbaho minerallarga boy hududlardan biri bo‘lib, u yerda koltan (smartfonlar va elektronika ishlab chiqarish uchun), oltin, nikel, kobalt, mis kabi qazilmalar mavjud.
Bu minerallar xalqaro bozorda katta talabga ega bo‘lgani uchun ularni nazorat qilish uchun qurolli guruhlar o‘rtasida doimiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lib kelmoqda.
Janglarni to‘xtatish va mojaroni hal qilish maqsadida Tanzaniyaning Dar-as-Salam shahrida favqulodda mintaqaviy sammit o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muzokaralarda Kongo Prezidenti Feliks Tshisekedi, Ruanda Prezidenti Pol Kagame, Keniya va Uganda davlatlari vositachi sifatida ishtirok etadi.
Janubiy Afrika davlatlari va xalqaro tashkilotlar ushbu nizoni diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun harakat qilmoqda. Ammo bu vaqtda Gomadagi aholi tinchlik va xavfsizlikning qayta tiklanishini kutib yashashga majbur.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!