Jahon

Rossiyada migrantlarning farzandlari til bilmasa jarimaga tortiladi

Rossiyada migrantlarning farzandlari til bilmasa jarimaga tortiladi

Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligi migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilishda rus tilini bilish darajasini aniqlaydigan test tartibini ishlab chiqdi. Uni topshira olmaganlar, pulli qoʻshimcha darslarga yuboriladi. Bola qoʻshimcha darsga qatnashmasa, uning ota-onasi javobgarlikka tortiladi.
Rossiya Taʼlim vazirligi maktabga qabul qilinish vaqtida rus tilini bilish boʻyicha testni topshira olmagan migrant farzandining qoʻshimcha oʻqishi uchun sharoit yaratmaganlarni maʼmuriy javobgarlikka tortish taklifini bergan. Bu haqda vazirlik tomonidan testlarni oʻtkazish tartibi loyihasida soʻz boradi.
Loyiha hujjatda ta’kidlanishicha, agar bola testni muvaffaqiyatli topshira olmasa, unga rus tilini oʻrganish boʻyicha qoʻshimcha dastur oʻtish taklif qilinadi. Bunday oʻqitish tizimi uch oy davom etishi va uning xarajatlari ota-ona tomonidan qoplanishi belgilanmoqda.
Mintaqaviy hukumat hududiy IIV organlari va vasiylik organlariga migrantlarning maktabga qabul qilingan bolalari, shuningdek, kim testni topshira olmagani va qoʻshimcha mashgʻulotlarga yoʻnaltirilganiga oid maʼlumotlarni yuborishi joiz bo‘ladi.
Bola testni topshira olmagan taqdirda bir oy oʻtib, u qoʻshimcha darslarga qatnashmayotgani aniqlansa, vasiylik organlari migrantning turar joyida tekshiruv oʻtkazadi. Ular IIV va voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasini “bolaga taʼlim berish majburiyatini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik” holati boʻyicha xabardor qilishi kerek. Oʻz navbatida ma’sul idora vakillari bolaning ota-onasini maʼmuriy javobgarlikka tortadi.
Ma’lumot uchun; 2024-yil dekabrda Rossiya Davlat dumasi mamlakat maktablariga rus tilini bilish boʻyicha testdan oʻta olmagan migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgandi. Qonunga koʻra, maktabga qabul qilinishda “bolaning RF hududida qonuniy boʻlib turgani tekshiriladi”. Migrantlarning farzandlari uchun rus tili testini topshirish bepul boʻlishi ma’lum qilingan.
Xulosa o‘rnida aytganda, migrantlar farzandlar kelajagini o‘ylab ularga xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishlariga ko‘maklashsa, birinchidan o‘zlari jarimadan qutilsalar, ikkinchidan bolalar yangi muhitga moslashishlari anchayin oson kechadi va o‘zlashtirishi ham yaxshi bo‘ladi.

Eslatma; «Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» fraksiyasi tomonidan Davlat Dumasiga mehnat migrantlarining maktab va maktabgacha taʼlim, tibbiyot va farmatsevtika, yo‘lovchilarni tashish, shuningdek, «o‘rtacha daromaddan yuqori daromad keltiradigan yoki Rossiya fuqarolarining talabi yuqori bo‘lgan faoliyatning ayrim turlari» bilan shug‘ullanishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasi afkor ommaga ma’lum qilingan edi. Qonunning tushuntirish xatida, taʼlim sohasida ishlashni istagan chet el fuqarolari «anʼanaviy rus qadriyatlarini yosh avlodga yetkazish uchun zarur tajriba, qadriyat va madaniy tajribaga ega emas», deb taʼkidlangan.
Rossiya borasida so‘z borganda, yana bir ma’lumot; 2024-yilda “Migrant Servis” tahlilchilariga koʻra, Rossiyani 1 millionga yaqin migrant, asosan, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi davlatlar fuqarolari tark etgan. 2025-yilda bu tendensiya davom etishi va farazga koʻra, yana 1 millionga yaqin mehnat migranti xorijda yanada jozibador mehnat sharoitlarini izlab Rossiyani tark etishi mumkin.