Jamiyat

Birinchi maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini oshadi

Birinchi maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini oshadi

2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini oshirishga oid hukumat qarori imzolandi. U transport vositasi ishlab chiqarilgan yiliga qarab 45 mln so‘mdan 78,5 mln so‘mgacha bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvarda «Elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari akkumulyator batareiyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risi»dagi hukumat qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan 2025 yil 1 maydan O‘zbekistonda elektromobillar uchun (TIF TN kodi 8703 80) utilizatsiya yig‘imlari joriy etiladi:

  • ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan elektromobillar uchun BHMning 120 baravari (45 million so‘m);
  • ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lgan elektromobillar uchun BHMning 210 baravari (78,75 million so‘m).

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarorda belgilangan utilizatsiya yig‘imlarini yig‘ish hamda ulardan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqadi.

Mazkur hujjat mamlakatda “yashil” texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz holga kelib qolgan batareyalarini atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilishni taʼminlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yana-da jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.