O‘zbekistondagi chegara punktlaridan navbatsiz o‘tish uchun pulli Fast Track xizmati paydo bo‘ladi. Xizmat doirasida pasport va bojxona nazorati uchun alohida yo‘lak, VIP zal va boshqa sharoitlar yaratiladi. Joriy yilning 1-may kunidan u 12 ta nazorat-o‘tkazish punktida tashkil etiladi.
Bu borada 29-yanvar kuni jismoniy shaxslarning harakatlanishi, tovarlar va transport vositalarini davlat chegarasi orqali olib o‘tish jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, xizmatdan foydalanish uchun jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning vakillari o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti yoki elektron to‘lov tizimlari orqali yoxud chegarani kesib o‘tishda og‘zaki murojaat qilishlari mumkin.
To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng ariza beruvchi QR kodli elektron talon oladi, u rasmiylashtirilgan paytdan boshlab bir yil davomida amal qiladi.
Xizmatdan foydalanuvchilar bojxona nazoratidan maxsus ajratilgan hududlarda (yo‘laklar, VIP zallar va boshqalar) navbatsiz o‘tkaziladi. Qolgan shaxslarga umumiy navbat tartibida xizmat ko‘rsatiladi.
Ushbu xizmat voyaga yetmaganlarga (18 yoshgacha), shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolarga bepul ko‘rsatiladi.
Yig‘ilgan mablag‘larning 80 foizi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona organlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maxsus jamg‘armasiga, 20 foizi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hisobiga yo‘naltiriladi.
Fast Track xizmati doirasida foydalanuvchilar uchun quyidagi qulayliklarni yaratish rejalashtirilgan:
- tezlashtirilgan pasport va bojxona nazoratining alohida yo‘lagi;
- bank bo‘limi;
- ona va bola xonalari;
- namozxona;
- erkaklar va ayollar uchun alohida sanitariya uzellari;
- kafe hamda oziq-ovqat va ichimliklar xarid qilish uchun zona;
- VIP zal (yumshoq o‘rindiqlar, stollar, televizor, Wi-Fi va boshqalar);
- Jismoniy shaxslar chegarani kesib o‘tishning belgilangan vaqtidan oldin Fast Track uchun arizani bekor qilishlari mumkin.
Chegarani kesib o‘tish vaqtiga qadar elektron navbat bekor qilinganda, to‘langan summa ariza beruvchining ko‘rsatilgan bank hisob raqamiga yoki kartasiga avtomatik ravishda qaytariladi.
Xizmat narxi bir kishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizini (hozirgi kunda 56 250 so‘m) etib belgilangan. To‘lov mobil ilovalar yoki nazorat-o‘tkazish punktidagi bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!