Jamiyat

Toshkentdagi patta puli: Narxlarning o‘sishi va iqtisodchining e’tirozi

Toshkentdagi patta puli: Narxlarning o‘sishi va iqtisodchining e’tirozi

O‘zbekistonda gaz, elektr quvvati, issiq suv xizmatlari hamda narx-navo oshib borayotgani sababli yuzaga kelayotgan e’tirozlar ijobiy hal bo‘lmayotgan bir vaqtning o‘zida poytaxt Toshkent bozorlaridagi kunlik patta narxlari o‘rtacha 20-30 foizga qimmatlashadigan bo‘ldi. Bugun Demokrat.uz Toshkent shahar hokimining patta narxlari bo‘yicha e’lon qilgan qarori va loyihaga bildirgan fikrlarni bir joyga jamladi

2025-yilning 23-yanvar kuni Toshkent shahar hokimligi «Toshkent shahridagi bozorlar va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatining yangi miqdorlarini joriy etish to‘g‘risida»gi qaror loyihasini e’lon qildi.

Loyihaga ko‘ra, poytaxt bozorlaridagi (Farhod bozoridan tortib, Sergeli mashina bozori va O‘rikzor ulgurji bozorida ham) xalq tilida patta puli deyiladigan bir martalik yig‘imlar va ijara haqi miqdorlarini oshirish rejalashtirilmoqda.

Bunda mahsulotni savdo o‘rinlarida sotish, bir o‘rin uchun bir kunga ho‘l mevalar (anor, olma, nok va boshqa) 15 000 so‘mdan 18 000 so‘mga, sitrus va tropik mevalar 32 000 so‘mdan 39 000 so‘mga, quruq mevalar (turshak, mayiz, pista, bodom) 33 000 so‘mdan 40 000 so‘mga, sut mahsulotlari 18 000 so‘mdan 15 000 so‘mga, poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz) 28 000 so‘mdan 34 000 so‘mga, go‘sht mahsulotlari esa 35 000 dan 42 000 so‘mga oshiriladi.

Bozor hududida oshirilgan eng yuqori patta narxi poyabzal ta’mirlash xizmati uchun bo‘ladi. Ya’ni kosiblar patta uchun 29 foiz qimmatroq to‘lov qiladilar.

Iqtisodchi, jamoatchilik faoli Otabek Bakirov Toshkent shahar hokimining muhokamaga qo‘yilgan ushbu qarorini keskin tanqid ostiga oldi.

«Yillik inflyatsiyani 9,8 foiz darajasida chizayotgan chinovniklar bozorlardagi patta pulini 3 karra yuqori darajada oshirilayotganiga qandaydir tushuntirish bera olishadi?», deydi Bakirov.

Shuningdek, u oshirilishi kutilayotgan patta pullari iste’molchilar tomonidan sotib olinayotgan mahsulotlar tan narxi ta’sir ko‘rsatishi hamda oxirgi ikki yilda ikki marta oshganini ham qo‘shimcha qildi.

«Bu to‘lanadigan patta puli hammasi borib, iste’molchi sotib olayotgan meva-cheva, sabzavot, tovar va xizmatlar narxiga o‘tiradi. O‘zi oxirgi 4 yilda patta puli 2 karraga qimmatlayapti. Qoyilmisiz? Turli vajlar bilan bozorlarimizni egallayotgan o‘g‘ri oligarxlar o‘z maqsadlariga erishgach, keyin nima bo‘ladi?», deydi iqtisodchi.