Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi “Umra plus” yo‘nalishlari ishlab chiqiladi. Bu haqda turizm qo‘mitasi matbuot kotibi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida Malayziya turizm assotsiatsiyalari, xususan Islom turizm markazi (ITC), Malayziyadagi Bumiputera turoperatorlari assotsiatsiyasi (BIMUTRA), Umra va Haj sayohatlari bo‘yicha mamlakatning yetakchi turkompaniyalari vakillari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etgan.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalalari muhokama qilingan.
Muloqotlar doirasida Malayziya aholisi uchun «Umra plyus» paketlarini tashkil etish va amalga oshirish, shuningdek, transchegaraviy yo‘nalishlarni joriy etish va muvaffaqiyatli tajribalar bo‘yicha fikr almashildi.
Davra suhbati yakunida Malayziya turistik sektori va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekistonga info-turlar tashkil etish rejalashtirildi. Shuningdek, Malayziya tomoni ishtirokida yangi turizm dasturlari va “Umra plyus” marshrutlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!