Rossiyaning Samara shahri sobiq meri Viktor Tarxov va uning rafiqasi Natalya Finlyandiyadan qaytib kelganidan keyin Samaradagi kvartirasida o‘ldirib ketildi, deb xabar berdi Samara viloyati Tergov boshqarmasi.
Xabarda aytilishicha, ular so‘nggi yillarda Rossiyadan tashqarida yashashgan. Jinoyatga aloqadorlikda ularning nabirasi gumon qilinib hibsga olingan. Biroq u hozircha ko‘rsatma berishdan bosh tortmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qotillik taxminan bir oy oldin sodir etilgan. Sobiq mer va uning rafiqasining jasadlari bochkalar ichidan topilgan. Sobiq merning nabirasi hozirda jazoni ijro etish koloniyasida saqlanmoqda.
Avvaliga mahalliy OAV keksa juftlik otib o‘ldirilganini xabar qilgan, biroq keyinchalik bu ma’lumot aniqlashtirilib, Tarxovlar kaltaklab o‘ldirilgani, shundan so‘ng jasadlar bochkalar ichida saqlangani fosh bo‘ldi.
TASSga ko‘ra, jinoyatda asosiy gumonlanuvchi Tarxovlarning nabirasi bo‘lib, kecha, 5 fevral kuni Samara sudi uni hibsga olib, Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi (ikki va undan ortiq shaxsni o‘ldirish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Agentlik manbasining aytishicha, hibsga olingan shaxs tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda.
Gumonlanuvchi ismi Yekaterina bo‘lib, u atigi 18 yoshda, deydi yana bir manba.
“Volga Nyus” nashri esa huquq-tartibot idoralari manbalariga asoslanib, Tarxovlar Samaradagi kvartirasiga kirganini, shundan so‘ng ularning nabirasi u yerga kelganini xabar qilgan. Shuningdek, ularning kvartiradan qaytib chiqmaganini, ammo nabirasi bir necha kun davomida qora paketlarni tashqariga olib chiqib ketganini qayd etgan. Bundan tashqari, u bochkalar ham sotib olgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, gumonlanuvchi qotillikdan keyin o‘ldirilganlarning mulkini sotgan: ikonalar to‘plami va avtomobillar, jumladan, Toyota RAV4. Tergovchilar aynan Tarxovning mashinasini soxta ishonchnoma bilan sotishga urinishidan keyin gumon paydo bo‘lganini bildirgan.
Tergovchilarning taxminicha, gumonlanuvchining hamtovoqlari ham bo‘lishi mumkin.
Jinoyat sabablari hozircha aniq emas. “Mash” Telegram-kanali ehtimoliy sabab sifatida qasos versiyasini ilgari surmoqda. Oldinroq Tarxovning qizi va nabirasi 7 million rubl qarz tufayli kvartirasidan mahrum bo‘lgan. Biroq bu ishda Viktor Tarxovning o‘zi ishtirok etmagan. “Volga Nyus” portali xabariga ko‘ra, 2016 yilda sobiq merning qizi va nabirasi 130 kvadrat metr maydonga ega kvartiradan uzoq sud jarayonlari oqibatida ajralib qolgan. Uy garovga qo‘yilib, qarz qaytarilmaganidan keyin yangi egalariga o‘tgan.
Shu bois jinoyatning eng ehtimoliy sababi Viktor Tarxov va uning rafiqasi aktivlarini sotishdan tushgan pul bo‘lib qolmoqda.
Viktor Tarxov kim edi?
Shu o‘rinda Viktor Tarxov hayoti va ishiga to‘xtalinsa, u Samara shahrining sobiq mer bo‘lib, 2006-2010 yillarda ushbu lavozim ishlagan.
Sovet yillarida u “Kuybishev” viloyat ijroiya qo‘mitasini boshqargan, “Kuybishev” spirt zavodi direktori bo‘lgan. Keyinchalik “Novokuybishev” neftni qayta ishlash zavodi bosh direktori lavozimida ishlagan, Yukos kompaniyasida faoliyat yuritgan, viloyat dumasi deputati etib saylangan va gubernatorlik saylovlarida ham qatnashgan.
2006 yilda u Samara merligi uchun saylovda 56 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. 2010 yilda qayta saylanishga uringan, biroq yutqazib, biznes bilan shug‘ullangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!