Sport

Sog‘ligi tufayli Bahodir Jalolov jangi bekor qilindi

Sog‘ligi tufayli Bahodir Jalolov jangi bekor qilindi

Bahodir Jalolovning 6-fevral kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan jangi bekor qilindi. Bu haqda bokschining o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Kanadaning Monreal shahrida professional boks oqshomi tashkil etiladi. Unda superog‘ir vazn toifasida o’zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov fransiyalik Devid Spilmontga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Afsuski, shifokorlar o‘zbekistonlik sportchiga jang qilish uchun ruxsat bermadi.

Olimpiada chempioning o‘zi shu kunlarda AQSHning Indio shahrida mazkur jang uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

«…Arzimagan uchuq sabab, jang bekor qilindi. Raqib ham, men ham jang qilishni xohladik. Afsuski, komissiya ruxsat bermadi. Bu holat menda yoshlikdan mavjud. Biror davlatga uchsam yoki havo almashtirsam shunaqa bo‘ladi”, deydi o‘z so‘zida B.Jalolov.

Eslatma, Jalolov professional faoliyatida 14 ta jang o‘tkazgan va barchasida nokaut evaziga g‘alaba qozongan. Uning so‘nggi jangi 2023-yilda Toshkentda o‘tkazilgan boks oqshomida Janubiy Afrika vakili Kris Tompsonni birinchi raundning o‘zida mag‘lub etgandi.