Jahon

Donald Tramp XJS ga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Donald Tramp XJS ga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Amerika prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga doir berilgan orderga javoban XJS (Xalqaro jinoiy sud)ga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Qo‘shma shtatlar prezidentining 6-fevral kuni imzolagan farmoni AQSH tomonidan moliyaviy va viza cheklovlarini nazarda tutadi. U AQSH fuqarolari va ittifoqchilariga qarshi sud tergovlarini qo‘llab-quvvatlovchi XJSning mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolariga qo‘llaniladi.

Hujjatda keltirilishicha, XJS AQSH va Isroilga qarshi “noqonuniy va asossiz harakatlar sodir etgan” va “qonuniy asoslarsiz o‘z yurisdiksiyasini e’lon qilgan hamda Qo‘shma Shtatlar fuqarolari va ularning ba’zi ittifoqchilari, jumladan, Isroilga nisbatan dastlabki tergov boshlagan”. Tramp sud “o‘z vakolatlarini yanada ko‘proq suiiste’mol qilib”, Isroil bosh vaziri va sobiq mudofaa vazirini hibsga olishga “asossiz orderlar” berganini aytdi.

Bundan tashqari, AQSH prezidenti Vashington ham, Isroil ham XJS yurisdiksiyasiga kirmasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Gaagadagi sudning harakatlari Qo‘shma Shtatlar “suverenitetiga tajovuz qiladi va mamlakat milliy xavfsizligi hamda tashqi siyosati sohasidagi ishlarga tahdid” soladi.

Qolaversa, 2024-yil iyun oyida AQSH Kongressi Vakillar palatasi Respublikachilar partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan XJSga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

O‘shanda Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bu hujjat sud tomonidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order so‘roviga javob ekanini ta’kidlagandi.

Ma’lumot uchun: AQSH Trampning birinchi prezidentligi davrida XJSga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. ushbi sanksiyani 2021-yilda sobiq prezident Jo Bayden bekor qilgan.