Jahon

Tramp ma’muriyatining qarorlari namoyishlarga sabab bo‘ldi

Tramp ma’muriyatining qarorlari namoyishlarga sabab bo‘ldi

AQSH prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng qabul qilgan qator qarorlar mamlakat bo‘ylab va xalqaro miqyosda namoyishlarga sabab bo‘ldi.

Tramp prezidentlikka kirishishi bilan bir qator muhim farmonlarni imzoladi. Ular orasida tug‘ilgan joyi bo‘yicha AQSH fuqaroligini berish cheklovi (keyin sud tomonidan bekor qilingan), migratsiya va boshpana qoidalarining o‘zgarishi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqish tashabbusi, shuningdek, USAID orqali xalqaro yordamni to‘xtatish kabi choralar bor.

Shuningdek, Tramp Kanada, Meksika va Xitoy bilan savdo urushi boshlashga tayyorligini e’lon qildi, transgender sportchilarga ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etishni taqiqladi va AQSH hukumati faqat ikki genderni tan olishini ma’lum qildi. Prezident G‘azo sektori ustida nazorat o‘rnatishga ham tayyorligini bildirgan.

Ilon Mask rahbarligidagi yangi tashkil etilgan Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) ham muhim vakolatlarga ega bo‘lgani ma’lum qilindi.

Bu qarorlarga javoban ijtimoiy tarmoqlarda #buildtheresistance va #50501 heshteglari bilan Tramp ma’muriyatiga qarshi harakat shakllandi. «50501 harakati» deb nomlangan tashabbus 50 shtatda bir kunda namoyishlar o‘tkazishni ko‘zlagan. Namoyishchilar Tramp va uning ma’muriyati «Loyiha 2025» rejasini amalga oshirayotganini ta’kidlamoqda. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp bunday hujjat bilan tanish emasligini bir necha bor bildirgan.