O‘zbekistonda banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida indentifikatsiyadan o‘tmasdan turib, chiquvchi amaliyotlarni bajarish imkoniyatini cheklanmoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan banklarga tegishli ko‘rsatma xati yuborilgan, deb xabar bermoqda davletovuz Telegram kanali.
O‘zbekistondagi barcha bank va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida identifikatsiyadan o‘tmagan foydalanuvchilar uchun chiquvchi tranzaksiyalar cheklanadi. Shu jumladan:
• Kartadan kartaga pul o‘tkazmalari
• To‘lov va boshqa amaliyotlar
• Ilovaga yangi qurilmadan kirgan foydalanuvchilar identifikatsiyadan o‘tmaguncha hech qanday amaliyot bajara olmaydi.
Agar mijoz parol va maxsus kodni to‘g‘ri kiritgan bo‘lsa ham, identifikatsiyadan o‘tmaguncha tranzaksiya amalga oshirib bo‘lmaydi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ayrim banklar va to‘lov tashkilotlari Face ID yoki boshqa biometrik tekshiruvsiz tranzaksiya bajarish imkoniyatini cheklab qo‘ygan. Moliya tashkilotlari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu komplayens xizmati tavsiyasiga asosan amalga oshirilgan va mijozlarning mablag‘larini firibgarlardan himoya qilishga qaratilgan.
2025-yil 10-fevraldan boshlab, ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, bank yoki to‘lov tashkilotlari firibgarlik natijasida mijozga yetkazilgan zararlarni o‘z hisobidan qoplashga majbur bo‘ladi. Markaziy bank ushbu talablarning qat’iy bajarilishini nazorat qilishini bildirdi. Bu chora bilan bank operatsiyalarining xavfsizligi oshishi, mijozlar esa o‘z mablag‘larini firibgarlardan himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!