8 fevral kuni Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatda o‘z vazifasini yakunlayotgan Turkiyaning Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Olgan Bekar janoblari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Rahbarlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik rishtalari har bir sohada yaqin hamkorlik uchun eng mustahkam poydevor yaratmoqda”, deb yozgan Saidov.
“Qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan janob Elchiga samimiy minnatdorligimizni bildirib, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz”, degan u.
Ma’lumot uchun, Olgan Bekar 2021 yilning 5 mart kunidan boshlab Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!