Jinoyat

“Ayritom” chegara bojxona postida 612 kilogram “gashish” giyohvandlik vositasi ushlab qolindi

“Ayritom” chegara bojxona postida 612 kilogram “gashish” giyohvandlik vositasi ushlab qolindi

Surxondaryoda supurgilar dastagiga yashirilgan 612 kg. “gashish” giyohvandlik vositasini olib kirishga urinish fosh qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarini respublikamizga olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinish bartaraf etildi.

2025 yil 9 fevral kuni Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona posti orqali respublikamiz hududidan tranzit tarzida o‘tish uchun kirib kelgan yuk avtotransport vositasini belgilangan texnologik sxema asosida bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazish jarayonida mazkur avtotransport vositasiga ortilgan 13,5 tonna og‘irlikdagi supurgi xodimlarning diqqatini tortdi.

Shundan so‘ng mazkur avtotransport vositasi “Ayritom” chegara bojxona postiga tutash hududdagi “Termiz” tashqi iqtisodiy foaliyat bojxona posti tasarrufidagi bojxona omboriga keltirilib, undagi tovarlar to‘liq bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, yuk avtotransport vositasiga 180 ta qopda supurgi jo‘xorisi o‘simligidan tayyorlangan 22 ming 500 dona xo‘jalik supurgilari ortilgan.

Mazkur supurgilarni sinchiklab ko‘zdan kechirish davomida, 2986 dona supurgilarning dastaklari orasiga aynan supurgi rangiga mos ravishda – sariq rangdagi skotch bilan o‘ralgan o‘rtacha 25 sm uzunlikdagi polietilen o‘ramlar mohirlik bilan yashirilgani fosh bo‘ldi.

Ushbu o‘ramlar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, ularning ichiga o‘rtacha 200 gr. og‘irlikdagi, o‘tkir hidli, to‘q jigarrangli giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Mazkur holatda 2986 dona supurgi dastaklaridan ajratib olingan o‘ramlardagi modda dastlabki tezkor analiz natijalariga ko‘ra “gashish” giyohvandlik vositasi bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi 612 kg.ni tashkil qilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur giyohvandlik vositasining qora bozorlardagi narxi taxminan 16,5 mln AQSH dollaridan oshadi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.