AQSH prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorini butunlay buzib tashlash va falastinliklarni u yerdan ko‘chirish rejasini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on keskin tanqid qildi. TRT Haber’ning xabar berishicha, Erdo‘g‘on Istanbuldagi matbuot anjumanida bu rejani qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
“G‘azo aholisini o‘z vatanidan chiqarib yuborishga hech kimning haqqi yo‘q. Isroil tinchlikka intilish o‘rniga yanada shafqatsiz rejalar tuzmoqda. AQSHning sionist lobbilar ta’sirida ilgari surayotgan takliflari e’tiborga loyiq emas. G‘azo, Iordaniya daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va Sharqiy Quddus Falastinga tegishli”, — dedi Turkiya rahbari.
Trampning bayonotlari va xalqaro javoblar
Tramp G‘azo sektorini “snos maydonchasi” deb atab, uning aholisini Iordaniya va Misr kabi davlatlarga ko‘chirish mumkinligini aytgan edi. AQSHning bu jarayonni moliyalashtirish niyati yo‘qligini bildirgan Tramp, zarurat tug‘ilganda G‘azoga qo‘shin kiritish ehtimolini ham tilga oldi.
Bu bayonot xalqaro maydonda keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi:
Saudiya Arabistoni falastinliklarni o‘z vatanidan siqib chiqarishga qaratilgan har qanday urinishni qoralab, Falastin davlati tashkil etilmaguncha Isroil bilan aloqalar o‘rnatmasligini bildirdi.
HAMAS Trampning rejasini “o‘z yeridan quvish” deb baholadi.
Amnesty International Trampning pozitsiyasini xalqaro huquq me’yorlariga zid deb hisoblab, AQSH’ni xalqaro sudlov jarayonlarini mensimaslikda aybladi.
AQSHdagi demokrat senator Kris Merfi bu rejani minglab amerikalik askarlarning halok bo‘lishi va Yaqin Sharqda uzoq davom etadigan urush xavfi bilan bog‘liq deb baholadi.
Mintaqaviy siyosat bo‘yicha kuzatuvchilar G‘azo masalasidagi har qanday keskin harakatning Yaqin Sharqdagi beqarorlikni yanada kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!