Jamiyat

Kambag’allar farzandlari oliy ta’limga grant asosida qabul qilinadi

Kambag’allar farzandlari oliy ta’limga grant asosida qabul qilinadi

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida O‘zbekistonda  3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy taʼlim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish ishlari tashkil etiladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoniga ko‘ra, inson salohiyatini yuksaltirish, taʼlim uchun qulay muhit yaratish ishlarini tashkil etish maqsadida 2025-2026 o‘quv yilidan yana bir qator ishlar amalga oshiriladi.

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi taʼlim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi oliy taʼlim tashkiloti etib belgilanadi. Ushbu universitetda “sirkulyar iqtisodiyot” taʼlim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladigan “yashil texnikumlar” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi davlat oliy taʼlim tashkilotlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani va o‘quv dasturlari kiritiladi. Oliy taʼlimda grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkaziladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi taʼlim dasturlari asosida taʼlim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratib boriladi.

Respublikaning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv taʼlim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumtaʼlim maktabi faoliyati tashkil etiladi.