Jinoyat

Samarqandda ayol eri tomonidan o‘ldirildi

Samarqandda ayol eri tomonidan o‘ldirildi

Samarqand viloyatida 27 yoshli Shahnoza ismli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanib, vafot etdi. Marhumaning yaqin qarindoshi Nemolchi.uz`ga ma’lum qilganidek, voqea 2025-yil 6-yanvarda sodir bo‘lgan. Shahnoza erining zo‘ravonligidan so‘ng darhol ichki ishlar idoralariga murojaat qilmasdan, mahalladan yordam so‘ragan, lekin na mahalla, na boshqa mahalliy organlar bu holatni huquq-tartibot idoralariga xabar berishmagan yoki uning xavfsizligini ta’minlash uchun choralar ko‘rishmagan.

Shahnozaning onasi 12-yanvar kuni Rossiyadan kelib, uni kasalxonaga olib borgan. Kasalxonaga yotqizilgan vaqtida ayolning tanasida eski va yangi gematomalar mavjudligi aniqlangan, ammo sog‘lig‘i to‘liq tekshirilmagan. Shifokorlar unga faqat stress va ko‘karishlar tashxisini qo‘yishgan. Marhumaning eri esa kasalxonaga kelib, uni kaltaklamaganini aytishni talab qilib, jabrlanuvchini videoga olgan.

Shahnozaning ahvoli 1-fevralda og‘irlashib, reanimatsiyaga o‘tkazilgan va o‘sha yerda vafot etgan. Ayolning onasi hali ham qizining ichki jarohatlari bor-yo‘qligini va o‘limiga nima sabab bo‘lganini bilmaydi. 16-yanvar kuni marhumaning onasi ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan, ammo jinoiy ish qo‘zg‘atish o‘rniga, undan kaltaklanish haqida gapirmaslikni so‘rashgan va holat chuqur o‘rganilmagan. Ayolning o‘limidan so‘ng sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilganiga qaramay, gumonlanuvchi hali ham ozodlikda qolmoqda.