Qirg‘izistonda maxsus xizmat xodimlari mahalliy xonanda Qayrat Primberdiyevni qo‘lga oldi, deb “24.kg” xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, qo‘shiqchi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 330-moddasi (irqiy, etnik, milliy, diniy yoki mintaqalararo adovatni (nifoq) qo‘zg‘atish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida ushlangan. U YouTube kanalida milliy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan bayonotlar bergan.
Qayrat Primberdiyev 1985 yilda tug‘ilgan. 39 yoshli xonandaga chetga chiqmaslik to‘g‘risida yozma majburiyat tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda xonandaga tegishli tergov va protsessual harakatlar olib borilmoqda. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi irqiy, etnik, milliy, diniy yoki mintaqalararo adovatni (nifoqni) qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlar uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirib, qonun hujjatlarida o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jinoiy javobgarlik nazarda tutilganini eslatilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!