Jamiyat

AES qurish bo‘yicha xalqaro konsorsum tuziladi

AES qurish bo‘yicha xalqaro konsorsum tuziladi

Shavkat Mirziyoyev kecha, 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Taʼkidlanishicha, kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030 yilga borib, jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan.

Yig‘ilishda ishtirok etgan “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu berib, jumladan shunday dedi, 2040-yilga borib jahon elektr energiyasi ishlab chiqarishida atom energetikasining ulushi hozirgi 9 foizdan 25 foizgacha yetishi mumkin.

“O‘zatom” rahbari o‘tgan yili O‘zbekiston “Rosatom” bilan Jizzaxda 330 MVt quvvatga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha shartnoma tuzilganini ham eslab o‘tdi.

“Prezidentimiz ushbu loyiha turli xalqaro tuzilmalar ishtirokida xalqaro xarakterga ega bo‘lishi kerakligini alohida taʼkidladi”, — dedi “O‘zatom” direktori.

Qayd etilishicha, qurilishda Rossiya texnologiyalaridan tashqari Xitoyning noyadro texnologiyalari, Yevropaning turli dasturiy taʼminot va apparat vositalarini ham qo‘llash rejalashtirilgan.

“Shu yo‘l bilan biz eng zamonaviy texnologiyalar yordamida ushbu loyihani amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tashkil qilamiz”, — dedi Ahmadxo‘jayev.

Loyihada suv sarfini kamaytirish maqsadida Vengriya yoki Xitoy ishlab chiqaruvchilarining quruq sovitkichlari ham ishlatilishi mumkin.

Shuningdek, “O‘zatom” agentligi MAGATE bilan malakali kadrlar tayyorlash va mamlakatda atom energetikasi loyihalarini amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha alohida hamkorlik dasturini ishlab chiqqan.

Ahmadxo‘jayev davlat rahbari tomonidan shu kabi loyihalarni amalga oshirishning boshqa shakllarini ham ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berilganini aytib o‘tgan.