Siyosat

Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi Senatga yuborildi

Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-fevraldagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Mazkur konsepsiya loyihasi 31-yanvar kuni quyi palata majlisida birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Shundan so‘ng, 10-fevralgacha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Muhokama davomida aholidan 400 dan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushdi. Shuningdek, 3-fevral kuni OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazilib, deputatlar jurnalistlarning savollariga javob berdilar. 6-fevral kuni esa 16 ta konfessiya vakillari bilan uchrashuv tashkil etilib, konsepsiya loyihasi muhokama qilindi.

Uchrashuvda barcha konfessiyalar vakillari konsepsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlab, uning qabul qilinishi O‘zbekistonda dinlar va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Muhokamalar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari so‘zga chiqib, konsepsiyaning mamlakat davlatchiligi rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgani hamda ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilganini qayd etdilar.

Konsepsiyaning qabul qilinishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, dunyoviylikni turlicha talqin qilinishining oldini oladi va mamlakat aholisining, ayniqsa yoshlarning salohiyatini yuksaltirishga, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Endilikda mazkur qonun loyihasi Senat tomonidan ko‘rib chiqiladi.