Namanganda maishiy chiqindi tashish xizmati bo‘yicha iste‘molchilarga asossiz hisoblangan 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ushbu hududda faoliyat olib boruvchi “Namangan musaffo iqlim” MCHJ va “Toza hudud” DUKlarning 2024-yilning I yarim yilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan.
Olib borilgan o‘rganishlarda, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan viloyatning 10 ta hududida joylashgan MFYdagi 1,1 milliondan ortiq iste‘molchilarga 18 milliard so‘mdan ortiq ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq hisoblangani holatlari aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga (“Namangan musaffo iqlim” MCHJ va “Toza hudud” DUK) nisbatan “Iste‘molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19 va 21-moddalari talablari buzilgani yuzasidan belgilangan tartibda ishlar qo‘zg‘atilib, ortiqcha hisoblangan 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!