Qozog‘iston hududidagi avtomagistral yo‘lda qolib ketgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari qutqarildi, deb xabar berdi Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Xabarga ko‘ra, bugun tongda Qo‘stanay viloyatining 112-dispetcherlik xizmatiga yo‘lovchilari bo‘lgan mikroavtobus Adayevka qishlog‘idan 30 kilometr uzoqlikda to‘xtab qolgani haqida xabar kelib tushgan. Avtoulov nosozlik tufayli harakatini davom ettirolmagan.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv xizmati xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishgan. Jarayonda 24 kishi, jumladan, 4 nafar bola eng yaqin isinish joyiga evakuatsiya qilingan. Aytilishicha, Qutqarilganlar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.
Shuningdek, buzilgan mikroavtobus ham aholi punktiga tortib borilgan. Taʼkidlanishicha, yo‘lovchilar tibbiy yordamga ehtiyoj sezmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!