Poytaxtga yana 1000 ta Yutong avtobuslarini olib kelish imkoniyatlari o‘rganilmoqda, deb xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, vazir Ilhom Mahkamov Xitoyning Yutong Bus kompaniyasining xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Syuy Pen bilan uchrashib, O‘zbekistonda jamoat transporti tizimini rivojlantirish jarayonida harakat tarkiblarini yangilash borasidagi vazifalarni muhokama qildi.
Xususan, tomonlar 200 ta elektrobus sotib olish loyihasini amalga oshirishning hozirgi holatini, shuningdek, Toshkent shahri uchun yana 1000 ta avtobus sotib olish bo‘yicha istiqbolli loyiha yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, xususiy tadbirkorlar tomonidan elektrobuslarni sotib olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq jihatlar atroflicha muhokama etildi.
Transport vaziri O‘zbekistonda foydalanilayotgan Yutong kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobus va elektrobuslar soni ortib borayotganidan kelib chiqib, kompaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan servis xizmatlarini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Ma‘lumot uchun, Prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!